Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “Tashqi tijorat reklamasini joylashtirish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga ariza yuborish” xizmati ishga tushirildi.
Toshkent shahrining tuman hokimiyatlari tomonidan ishga tushirilgan yangi xizmat tashqi tijorat reklamasini joylashtirish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni olishga ariza yuborish imkoniyatini taqdim etadi. Xizmat jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qoʻmitasining “Reklamani joylashtirish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2011-yil 26-martdagi 4-son qaroriga binoan xizmat bepul koʻrsatiladi. Foydalanuvchi Yagona portal orqali elektron ariza yuborganda reklama materiallarini taqdim etishi lozim (erkin shaklda A4 formatda reklama materialining eskizi, AVI yoki MP-4 formatda videorolik).
Orfografik, stilistik xatolar mavjud boʻlsa, umum qabul qilingan odob-axloq qoidalariga rioya etilmasa hamda blankalar xato va notoʻliq toʻldirilsa, shuningdek, buzuq, sifatsiz (koʻrib boʻlmaydigan) reklama materiali yoʻllansa, xizmat koʻrsatilishi rad etiladi.
Reklama materialida jismoniy shaxsning suratidan foydalanilmagan arizani koʻrib chiqish muddati — 10 ish kunidan, reklama materialida jismoniy shaxsning suratidan foydalanilgan arizani koʻrib chiqish muddati — 15 ish kunidan iborat. Arizachiga ruxsatnomani olish toʻgʻrisida xabarnoma yuborish (erkin shaklda tijorat reklama materialini tasdiqlash) xizmatning natijasi boʻlib hisoblanadi.
Izoh (0)