Joriy yilning 26-sentabridan buyon Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining hududiy tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonasi faoliyat yuritmoqda, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi

Foto: O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi

Partiyaning barcha hududiy tashkilotlaridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonasi yuqori tezlikdagi internet, turli aloqa vositalari, komputer va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

– Izchillik bilan amalga oshirilayotgan jarayonning birinchi bosqichida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatini mas’ul xodim qabul qilib, axborot tizimiga kiritadi. Ikkinchi bosqichda maxsus ishchi guruhi o‘rgangach, tegishli vazirlik, idora va hokimliklarga murojaat qilinmoqda, — deydi O‘zLiDePning Toshkent viloyati kengashidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri qabulxonasi huquqshunosi Sanjar Evadillayev.

Uchinchi bosqichda murojaatlar vazirlik, idora va hokimiyat organlarida qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib, ko‘tarilgan masalalar hal etilmoqda. Bu haqda pm.gov.uz orqali yoki yozma ravishda tasdiq olinadi.

To‘rtinchi bosqichda ishchi guruhi tomonidan ikki ish kunida tegishli vazirlik, idora va hokimliklarning murojaatlarda ko‘rsatilgan masalalarni hal etish natijalari to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqiladi. Agarda muammo yuzasidan qoniqarsiz qaror qabul qilingan bo‘lsa, ariza Bosh prokuraturaning axborot tizimiga arizalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yo‘naltiriladi.

O‘zLiDeP qabulxonasi orqali hozirga qadar 1,8 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Ularning 40 foizi propiska, biopasport olish va fuqarolik masalalariga taalluqli. Ma’lum qismini sodir etilgan o‘g‘rilik, firibgarlik holatlari, shuningdek, tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ichki ishlar organlariga ishga kirish va qayta tiklash, banklardan sarmoya olish va shu kabi masalalar tashkil etayotir.

Ayni vaqtda murojaatlarning 1 ming 480 tasi ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lsa, 320 murojaat yuzasidan tushuntirish berilgan. Qator jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘liq qanoatlantirilgan.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyati, Koson tumanida yashovchi fuqaro A.Asadovning “Qarshi Grand Tour” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga mehmonxona faoliyatini tashkil etish maqsadida inventar va jihozlar sotib olish uchun yirik summada uzoq muddatli kredit ajratish masalasidagi qilgan murojaati ijobiy hal etildi. Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida yashovchi fuqaro T.Odilovning fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoni tuman hokimligi tomonidan noqonuniy olib qo‘yilganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaati Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan.

“Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi Hikoyat Rahimqulovaning o‘g‘li 1-guruh nogironi bo‘lib, xastalikdan azob chekadi. Shifokorlardan farzandini Hindistonda jarrohlik amaliyoti o‘tkazib davolash mumkinligini bilgach, xarajatlar uchun kerak bo‘ladigan xorijiy valyutani bankdan olish harakatiga tushdi. Yordam so‘rab qilgan murojaatiga ‘Asaka’ aksiyadorlik tijorat banki Toshkent viloyati filiali tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi”, — deyiladi O‘zA xabarida.