Hindistonning Air India aviakompaniyasiga qarashli havo kemasi tarixdagi eng uzun parvozni amalga oshirdi. U 14 soatu 30 daqiqada 15,3 ming kilometr masofani to‘xtamasdan bosib o‘tdi. Bu haqda The Times of India nashri ma’lum qildi.
Dehlidan San-Fransiskogacha bo‘lgan reys 16-oktabrda amalga oshirilgan, biroq OAVlarga bu haqda endi ma’lum bo‘lgan. Bundan avval Air India kompaniyasining ushbu yo‘nalishdagi samolyotlari Atlantika okeani ustidan parvoz qilgan. Biroq bu safar samolyot Tinch okeanini kesib o‘tdi.
Yangi yo‘nalish avvalgisidan 1,4 ming kilometrga uzoqroq bo‘lishiga qaramasdan, uni bosib o‘tish uchun samolyot ikki soatga yaqin kamroq vaqt sarflagan. Aviakompaniya vakilining ma’lum qilishicha, bunga shu yo‘nalishda soatiga 138 kilometr tezlik bilan esayotgan shamol sabab bo‘lgan.
Bundan avvalgi rekord Dubay—Oklend reysi bo‘yicha amalga oshirilgan parvozga tegishli edi. Emirates aviakompaniyasining havo kemasi 14,2 ming kilometrga teng masofani 16 soatu 24 daqiqada uchib o‘tgan edi.