Global Finance moliyaviy jurnali World’s Best Private Banks Awards-2017 premiyasi g‘oliblarining ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu mukofot har yili jahonning eng yaxshi xususiy banklariga topshiriladi, deb ma’lum qiladi “RBK”.
Jurnal jahonning eng yaxshi xususiy banki deb Shveysariyaning eng yirik moliyaviy konglomerati bo‘lmish UBS’ni tan oldi. O‘tgan yili UBS’ga kirishning minimal ko‘rsatkichi 2 million dollarni tashkil qildi. Banker jurnali 2014-yili UBS Wealth Management’ni xususiy banking sohasida eng yaxshi deb topgan edi.
Nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar moliyaviy ko‘rsatkichlar, marketing tadqiqotlari, bankirlar bilan maslahatlashuvlar, shuningdek, mijozlarning baholari asosida aniqlandi. Eng yaxshi butik-bank deb Shveysariyaning Banque Syz, eng yaxshi innovatsion banki deb AQShning Citi, rivojlanayotgan bozorlarning eng yaxshi banki deb Braziliyaning Itaú Unibanco, investitsiya uchun eng yaxshi bank deb Singapurning United Overseas Bank (UOB) banki topildi. Bundan tashqari, Northern Trust (AQSh) tadbirkorlar uchun, Morgan Stanley (AQSh) top-menejerlar uchun eng yaxshi bankka aylandi. DBS Bank (Singapur) milleniallar (1981-yildan keyin tug‘ilganlar avlodi) uchun eng yaxshi bank deb tan olindi.
Bundan tashqari, 1 million dollardan kamroq kapital uchun eng yaxshi xususiy bank deb Ispaniyaning Santander, 1–25 million dollarlik kapital uchun eng yaxshi xususiy bank deb DBS Bank, 25 million dollardan ortiq kapital uchun eng yaxshi bank deb esa AQShning JP Morgan banklari topildi.
Boshqa nominatsiyalar: Markaziy va Sharqiy Yevropaning eng yaxshi banki — Unicredit (Italiya), Rossiyada — “Sberbank”. Raiffeisen Bank Ruminiya va Xorvatiyada eng yaxshi deb topildi. Shveysariyaning eng yaxshi bankiga esa Julius Baer aylandi. Yana bir Shveysariya banki — Credit Suisse Yaponiyaning eng yaxshi xususiy moliyaviy tashkiloti bo‘ldi.
Izoh (0)