Malayziyaning Penang shahrida 20–25-oktabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining -62 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Adhamjon Ergashev barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi va jahon chempionligini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati.
Adhamjon dast ko‘tarishda 125, siltab ko‘tarishda 155 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirib, umumiy 280 kilogramm natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Mazkur vazn toifasida kumush medal xitoylik Yunban Veyga (276 kg), bronza medali esa rossiyalik Zulfat Garayevga (273 kg) nasib etdi.
Qayd etish kerakki, II o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari sovrindori Adhamjon Ergashev Malayziyada bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan yagona sportchi bo‘ldi.
Izoh (0)