Barcha turdagi avtobenzin chakana narxlari 23-oktabr, yakshanbadan e’tiboran O‘zbekiston bo‘yicha bir xil etib belgilandi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi ma’lum qildi.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

Kompaniya saytida joylashtirilgan xabarda, jumladan, shunday deyiladi:

“So‘nggi vaqtda mamlakatimiz aholisining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual pochtasi orqali, shuningdek kompaniyamiz, Respublikamizning rahbar, nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari nomiga kelib tushgan murojaatlarida avtobenzin ta’minotida bo‘layotgan uzilishlar, shu jumladan, ba’zi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida avtobenzinning ustama narx bilan sotilayotganligi, avtobenzin olish uchun uzundan-uzoq navbatda turishga to‘g‘ri kelayotganligi, Toshkent shahridagi aksariyat AYoQShlarda Ai-80 rusumli avtobenzinning 2 075 so‘m, viloyatlarda esa asosan tijorat narxida, ya’ni 3 000 so‘mdan sotilayotganligi, avtobenzinning ayrim nopok kimsalar tomonidan Toshkent shahridagi AYoQShlardan turli yo‘llar bilan olib borib, boshqa viloyatlar aholisiga 3 000 so‘mdan 5 000 so‘mgacha bo‘lgan chayqov narxida sotilayotganligi haqidagi o‘rinli e’tirozlarini inobatga olib hamda bundan buyon mazkur qonunga hilof holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida 2016-yil 23-oktabrdan barcha turdagi avtobenzin chakana narxlari Respublika bo‘yicha bir xil etib belgilandi”.

23-oktabr, yakshanbadan e’tiboran Ai-80 rusumli avtobenzin 1 litri 2 800 so‘m, Ai-91, Ai-92 va Ai-93 rusumli avtobenzinlar 1 litri 3 000 so‘m, Ai-95 rusumli avtobenzinning 1 litri esa 3 300 so‘m etib belgilandi.

“O‘zbekneftgaz” mutasaddilari fuqarolardan avtobenzin narxiga ustama qo‘yib sotilayotganligi yoxud boshqa noxush holatlar haqida “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zdavneftgazinspeksiya”ning viloyat boshqarmalari, joylardagi tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va neft bazalarning ishonch telefonlariga xabar qilishni so‘ragan.