O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov partiyaning V syezdidagi ma’ruzasida saylovoldi dasturining asosiy holatlari yuzasidan ma’lumot berdi. Ma’ruzaning to‘liq matni partiya rasmiy saytida chop etildi.
“O‘zbekiston ‘Milliy tiklanish’ demokratik partiyasining maqsadi — milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g‘oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligi oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, O‘zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishdan iborat. Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etishni saylovoldi Dasturga kiritmoqdamiz”, — dedi u.
“Xalqimizning betakror va ulug‘vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish tarafdorimiz. Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi — bizning bosh vazifamizdir. ‘O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q’ tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o‘rganish, bu borada o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashda biryoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashamiz, — qo‘shimcha qildi Sarvar Otamuratov.