O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov partiyaning VIII Qurultoyidagi ma’ruzasida o‘z dasturining asosiy holatlari yuzasidan ma’lumot berdi. Ma’ruzaning to‘liq matni partiyaning rasmiy saytida chop etildi.
O‘z chiqishida siyosatchi oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
“Saylov kampaniyasida ishtirok etar ekanmiz, istiqlol yillarida hayotga tatbiq etilgan islohotlar va ularning yuksak natijalarini e’tirof etgan holda, mamlakatimizning bundan keyin ham izchil taraqqiy etishi, rivojlangan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishini ilgari suramiz. Shu munosabat bilan xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa’y-harakatlarimizni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Dasturimizni taklif etmoqdamiz. Dasturda bugungi kunda jamiyatimizning turli sohalarida uchrayotgan ayrim muammolar, fuqarolarimizni o‘ylantirayotgan masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif va mexanizmlar ilgari surilganligi, o‘ylaymizki, saylovchilarni befarq qoldirmaydi”, — dedi u.
“Mazkur Dasturga muvofiq quyidagilar biz uchun eng muhim yo‘nalishlar bo‘lib hisoblanadi:
Biz, eng avvalo, demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurishni asosiy maqsadimiz, deb hisoblaymiz. Zero, adolat ustuvor bo‘lgan joyda ish yurishadi, yurtda fayzu baraka bo‘ladi, odamlarda mehr-oqibat kuchayadi. Adolat bor joyda taraqqiyot bo‘ladi, yuksak muvaffaqiyatlarga erishiladi. Shunday ekan, xalqimizning adolat va haqiqatga intilish, adolatli jamiyat qurishdek asriy orzularidan kelib chiqib, huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyat qurish borasidagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tizimli ravishda va keng joriy etish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Biz bunda ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari hukm suradigan, aholining daromadi bo‘yicha keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan, fuqarolarning kuchli ijtimoiy himoyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan jamiyat qurish g‘oyalariga tayanamiz” — qo‘shimcha qildi Narimon Umarov.