Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Internet orqali tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ruxsat etuvchi hujjatlarni topshirish tizimini takomillashtirish va soddalashtirish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, huquq va axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I. Abdullayev, Savdo-sanoat palatasi raisi A. Shayxov va boshqalar tadbirda chiqish qildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ijrosi doirasidagi vazifalar muhokama etildi.
Tadbirda tadbirkorlik subyektlarini internet orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini tartibga soluvchi qonunchilikni yanada takomillashtirishga doir takliflar bildirildi.
Izoh (0)