O‘zbekiston — Xitoy o‘yinidan keyin Server Jeparov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchiga aylanib oldi.
Bunga qadar mamlakat bosh jamoasi sharafini 119 uchrashuvda himoya qilgan Timur Kapadze gvardiyachi bo‘lib turgandi, Jeparovda esa endilikda o‘yinlar soni 120 taga yetdi va u bu borada barcha o‘zbekistonlik futbolchilardan ilgarilab ketdi.
“Championat.asia” sayti Server Jeparov faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan fotosuratlarni namoyish qildi. Unda yarim himoyachining karyerasi qisqacha bayon etilgan.
Server Jeparov 1982-yilning 3-oktabr sanasida Chirchiq shahrida dunyoga kelgan.
Professional futbolchilik faoliyatini “Navbahor”da boshlagan Server 2001-yilda “Paxtakor” bilan shartnoma tuzdi va 6 bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldi, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.
2007-yilda yulduzli “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tgan Server jamoa sardoriga aylanadi va “qaldirg‘ochlar”ning ikki karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritishiga yordam berdi. Shuningdek, 2009-yil O‘zbekiston kubogida zafar quchdi.
Server Jeparov milliy terma jamoadagi debyutini 2002-yil Slovakiyaga qarshi bahs bilan boshlagan. Termadagi ilk golini esa 2004-yilda Falastin terma jamoasi darvozasiga urgan.
2009-yilda Jeparov “Bunyodkor”ni “Barselona”ga qarshi bahsda sardor sifatida maydonga olib chiqqan edi.
Server Jeparov 2008-yil “Osiyoning eng yaxshi futbolchisi” nomiga sazovor bo‘ldi.
2010-yilda Janubiy Koreyaning “Seul” jamoasi Jeparovni “Bunyodkor”dan ijaraga olgan, keyinroq klub futbolchi bilan uch yillik shartnoma tuzdi. Server bu jamoa bilan Koreya chempionligi va Liga kubogini boshi uzra baland ko‘targan.
2011-yilda Server Jeparov yana bir bor “Osiyoning eng yaxshi futbolchisi” deb topildi.
2011-yilda Osiyo futbolidagi eng shov-shuvli transferlardan biri amalga oshdi. Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi “Seul” jamoasidan Saudiya Arabistonining “Ash-Shabob” jamoasiga ko‘chib o‘tadi. Bir yildan so‘ng Server Jeparov Saudiya Arabistonida ham chempionlikni qo‘lga kiritadi.
2013-yilda Server Jeparov o‘zi uchun begona bo‘lmagan Janubiy Koreya chempionatiga qaytdi. Bu safar u “Seongnam Ilva” bilan shartnoma imzolaydi va 2014-yilda yana bir sovrinni qo‘lga kiritadi. Bu safar u Koreya futbol assotsiatsiyasi kubogida zafar quchgandi.
Server Jeparov 2015-yilda Janubiy Koreyaning yana bir nomdor jamoasi “Ulsan Xyunday”ga ko‘chib o‘tadi.
Ushbu mavsum boshida Server Jeparov va nihoyat O‘zbekiston chempionatiga qaytdi. U Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Hozirda “Lokomotiv” turnir jadvalida karvonboshilik qilmoqda. Agar mavsum yakuniga ko‘ra “Lokomotiv” chempion bo‘lsa, bu Server Jeparov uchun 9-chempionlik bo‘ladi.
Server Jeparov Xitoyga qarshi kechgan bahsda maydonga tushdi. Bu futbolchining terma libosidagi 120-o‘yini bo‘ldi va o‘yinlar o‘tkazish borasida yaqqol rekordchiga aylandi.
Server Jeparov oilali. Uning uch nafar farzandi bor. O‘g‘lining ismi Raul, qizlari esa Veronika hamda Miya.
Izoh (0)