18-oktabr kuni Farg‘ona viloyati hududida O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga tegishli Mi-171 vertolyoti halokatga uchradi. Rasmiy axborotga ko‘ra, hodisa oqibatida uch ekipaj a’zosi va O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining olti harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan. Aviahalokat sabablarini tekshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan.

Xitoyning Sichuan viloyatidagi aviahalokat oqibati. Foto: CRI

Xitoyning Sichuan viloyatidagi aviahalokat oqibati. Foto: CRI

Mi-171 vertolyoti ishtirokida bundan avval ham aviahalokatlar yuz bergan. Ularning ba’zilari bilan quyida tanishish mumkin.

Oltoydagi avihalokat

Rossiyaning Oltoy Respublikasida 2009-yil 9-yanvar kuni bortida 11 kishi bo‘lgan Mi-171 vertolyot halokatga uchradi. “Gazpromavia” aviakompaniyasiga tegishli havo kemasi uchuvchilarning aybi bilan boshqaruvni yo‘qotib, tog‘ qoyasiga borib urilgan. Hodisa oqibatida faqat 4 kishi omon qolgan.

Vorkutadagi vertolyot halokati

Rossiyaning “Gazpromavia” aviakompaniyasiga tegishli boshqa bir Mi-171 bortida 22 yo‘lovchi va ekipajning uch a’zosi bilan birga 2009-yil 19-dekabr kuni Rossiyaning Vorkuta shahri aeroportiga 4,5 kilometr qolganida favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Noqulay ob-havo sharoiti va uchuvchilarning malakasizligi sabab yuz bergan hodisa oqibatida ikki kishi jiddiy jarohat olgan, keyinroq ulardan biri vafot etgan.

Boku yaqinidagi vertolyot halokati

2013-yil 11-fevral kuni Boku shahri qirg‘oqlari yaqinida Ozarbayjon harbiy-havo kuchlariga tegishli Mi-171 vertolyoti quladi. Kuchli tuman oqibatida yuz bergan aviahalokat sabab havo kemasi bortida bo‘lgan uch kishi halok bo‘lgan.

Xanoydagi vertolyot halokati

2014-yil 7-iyul kuni Vyetnam harbiy-havo kuchlariga tegishli Mi-171 vertolyoti Xanoy shahri yaqinida quladi. Vertolyot bortida 21 kishi bo‘lgan, ulardan 16 nafari Vyetnam harbiy-havo kuchlari parashyutchilari edi. Hodisa oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan.

Sichuandagi aviahodisa

2014-yil 22-iyul kuni Xitoyning Sichuan viloyatida harbiylarga tegishli Mi-171 vertolyoti quladi. Texnik nuqsonlar sabab yuz bergan aviahalokat oqibatida besh kishi jabrlangan.

Belgraddagi vertolyot halokati

Serbiyada 2015-yil 14-mart kuni mamlakat janubidan bemor chaqaloqni poytaxtga olib kelayotgan Mi-171 vertolyoti Belgradning Nikola Tesla aeroporti yaqinida quladi. Vertolyot bortida ekipajning to‘rt a’zosi va ikki tibbiyot xodimi ham bo‘lgan. Halokatga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lgan.

Jazoirdagi vertolyot halokati

2016-yilning mart oyida Jazoirning Reggan tumanida Mi-171 transport vertolyoti halokatga uchradi. Halokat oqibatida bortda bo‘lganlarning ikki nafari omon qolgan, 12 kishi halok bo‘lgan. Aviahalokatga texnik nuqsonlar sabab bo‘lgan.