20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zA.
Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladi.
Muhokama chog‘ida shu narcha alohida ta’kidlandiki, qonun loyihasi muhim va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan bo‘lib, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek, jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga qaratilgandir.
Mazkur huquqiy hujjatni muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z ishlarini “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdi.
Munozaralar yakunlariga ko‘ra deputatlar ushbu qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qullab, birinchi o‘qishda qabul qildi.
Mas’ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda mazkur hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.
Izoh (0)