AQSh prezidentlik lavozimiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp saylovchilar orasida mashhurligi bo‘yicha saylovoldi poygasidagi asosiy raqibi Hillari Klintondan ortda qolishini biroz qisqartirdi. Bu haqda Amerikaning Fox News telekompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari guvohlik beradi, deb yozadi “TASS”.
15-oktabrdan 17-oktabrgacha olingan oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, so‘rovnomada qatnashganlarning 45 foizi Klintonni, 39 foizi Trampni, 5 foizi Geri Jonsonni, 3 foizi esa Jill Steynni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Shu tariqa Klinton Trampdan 6 foizga ilgarilamoqda.
Fox News telekanali tomonidan 10—12-oktabr davomida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, prezidentlik lavozimi uchun demokratlardan nomzod Trampdan 7 foizga oldinda edi.
18-oktabr, seshanba kuni chop etilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampni respublikachilarning 80 foizi, Klintonni esa demokratlarning 87 foizi qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shu bilan bir paytda respublikachilardan nomzod mustaqil saylovchilar orasida Klintonga qaraganda mashhurroq ekanligi ta’kidlanmoqda.
Izoh (0)