Argentinalik ayol hakam Mariya Euxeniya Roko “Kilmes” va “Deportivo de Merlo” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng unga hujum uyushtirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Uchrashuv “Kilmes” foydasiga 2:1 hisobi bilan yakunlandi. Mariyaning shikoyatiga ko‘ra, uchrashuv tugashi bilan yutqizgan jamoa futbolchisi uni urgan. Janjal ko‘targan futbolchining ismi — Emmanuel Franses.
O‘yinning asosiy hakami Xorxe Broggi edi. Mariya uchrashuvda yon hakam bo‘lib ishlayotgan edi.
Uchrashuv tugaganidan so‘ng o‘yinchilar Broggini o‘rab olib, janjal ko‘targan. Ularni tinchlantirish maqsadida ayol futbolchilarga yaqinlashgan. 7-raqamli futbolchi orqadan turib ayolning bo‘yniga urgan. Bu ishni qilgan futbolchi shu zahotiyoq qochib ketgan va boshqa futbolchilar ichida g‘oyib bo‘lgan.
Mariya ushbu voqea yuzasidan politsiyaga shikoyat arizasini kiritdi.