O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev mehmonni tashrif bilan qutladi va Kuvayt Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi. Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh Kuvayt Amirining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat chog‘ida uchrashuv ikki tomonlama do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston va Kuvaytning qator mintaqaviy va xalqaro masalalarga yondashuv va qarashlari o‘xshash, ko‘p jihatdan bir-biriga yaqindir. Ikki davlatning dolzarb muammolarni yechish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tahdidlarni bartaraf etish va xavf-xatarlarning oldini olish masalalariga qarashi bir xil. O‘zbekiston Kuvayt bilan turli nufuzli xalqaro anjumanlar va tuzilmalar doirasida o‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirib bormoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2004-yilda Kuvaytga, 2008-yilda Kuvayt Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning O‘zbekistonga tashriflari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga yangi sur’at baxsh etib, o‘zaro hamkorlikni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilgani alohida qayd etildi. Tashriflar doirasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy poydevorini yaratdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston–Kuvayt munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi sahifasini ochish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik ko‘lamini oshirish maqsadida kelasi yilning birinchi choragida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning majlisini o‘tkazishga kelishib olindi. Komissiyaga ikki tomondan ham Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari maqomida raislar tayinlangani O‘zbekiston va Kuvaytning katta intilish va alohida ishtiyoq bilan ishga kirishayotganidan dalolat beradi.
Bu o‘rinda Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarida faol ishtirok etayotganini ta’kidlash joiz. Hozirgi kungacha jamg‘armaning imtiyozli kreditlari hisobiga suv ta’minoti, transport infratuzilmasi va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 60,6 million AQSh dollariga teng uch loyiha amalga oshirilgan. Shuningdek, kardioxirurgiya, irrigatsiya va avtomobil yo‘llarini ta’mirlash sohalarida 72,5 million dollarlik yana to‘rt loyiha ijrosi davom etmoqda.
Madaniy-gumanitar hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Kuvayt vakillari O‘zbekistonda tashkil qilinayotgan turli madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2007-yili “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida Kuvayt oliy madaniyat va san’at institutining musiqiy guruhi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.
Munosabatlarni rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish maqsadida turli darajalarda, jumladan, oliy darajada o‘zaro tashriflarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbarining Kuvaytga bo‘lajak tashrifi bu boradagi kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘lishi qayd etildi. Shavkat Mirziyoyev fursatdan foydalanib, Kuvayt Amirini O‘zbekistonga taklif qildi.
Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida tashkil etilgan 43-sessiyasida ushbu tuzilmaga raislik Kuvaytdan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi. Shu munosabat bilan Kuvayt tomoni O‘zbekiston rahbariyatining tashkilotga raislik davrida amalga oshirish borasida ilgari surgan taklif va tashabbuslariga yuksak baho berib, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)