Rossiyaning favqulodda iqtisodiy zonasi — Primoryeda Shimoliy Koreyaning baliq ovlovchi kemasini qo‘lga olish vaqtida bir nafar rossiyalik chegaracha jarohat oldi. Bu haqda, Rossiya federal xavfsizlik xizmatiga tayanib, “Vesti.ru” xabar bermoqda.
Nazorat-tekshiruv ishlari davomida kema bortida noqonuniy ravishda ovlangan suv bioresurslari aniqlandi. Nazorat vaqtida kema borti a’zolari tekshiruv guruhiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘ldi va ularning talablarini bajarishga qarshilik qildi.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, tekshiruv guruhi Rossiya FXXning maxsus kuchlar guruhi bilan kuchaytirildi.
KXDRga tegishli kema FXX xodimlari bilan Rossiya suv hududidan chiqib ketmasligi uchun chegara kemasi avval ogohlantiruvchi o‘q uzdi, ammo qoidabuzar kema o‘z yo‘nalishida davom etdi. Shundan so‘ng chegarachilar kemaning boshqaruv guruhiga qarata pulemyotdan o‘q uzdi. Natijada kema kursdan og‘ib, boshqaruvni yo‘qotdi.
Xabarda qayd etilishicha, Shimoliy Koreyaga tegishli kemaning boshqaruv guruhiga o‘q uzilganda koreyaliklar Rossiya FXX xodimlariga hujum qilmoqchi bo‘ldi. Buning oqibatida tekshiruv guruhining bir a’zosi jarohat oldi.
Izoh (0)