Germaniyaning Volkswagen avtokonserni advokatlar xizmati uchun 175 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Mazkur advokatlar kompaniyaning ekologik normalarni buzishi yuzasidan yaqinda bo‘lib o‘tgan sud tortishuvlarida AQSh aholisiga vakillik qilgan. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Volkswagen’ning AQShda sotilgan 475 mingga yaqin avtomobili egalarining manfaatlarini himoya qilgan huquqshunoslar dastlab o‘z ishi uchun 332 million dollar olishni mo‘ljallagan.
Volkswagen’ning AQShda yo‘l qo‘ygan qonun buzilishlar tufayli to‘lashi kerak bo‘lgan jami mablag‘ endi 16,7 milliardga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyining oxirida San-Fransisko sudi (Kaliforniya shtati) AQSh Adliya vazirligi va Volkswagen o‘rtasidagi kelishuvni ma’qulladi. Unga ko‘ra, kompaniya ekologik normalarni buzganligi uchun 15 milliard dollar atrofidagi mablag‘ni to‘lash majburiyatini oldi.