O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkasi, Tashkent Challenger musobaqasining ikki karra g‘olibi Denis Istomin 2016-yilgi turnir finalida rossiyalik Konstantin Kravchukdan mag‘lub bo‘ldi. Kravchuk 18 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan turnir tarixida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ilk rossiyalik tennischi bo‘ldi, deb yozdi “Olamsport”.
Mukofot jamg‘armasi 125 ming AQSh dollari bo‘lgan turnirning juftlik bellashuvlarida Denis Istomin rossiyalik sherigi Mixail Yelgin bilan bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi. Yakkalik finalida esa u Konstantin Kravchukdan 5:7, 4:6 hisoblarida mag‘lub bo‘ldi.
Kravchuk g‘alabani qo‘lga kiritgach so‘z olib, g‘alaba uchun Denis Istomindan uzr so‘ragan. Uning qayd etishicha, Denis 14-oktabr kuni 3 ta o‘yinda maydonga tushib, qahramonlik ko‘rsatdi. Bu esa oson emas.
Bir kun avval uchta uchrashuv o‘tkazgan Istomin, Kravchukka qarshi o‘yin vaqtida belidan kichik jarohat olgani aytib o‘tilgan. Shunga qaramay o‘zbekistonlik raketka ustasi mag‘lubiyatga faqatgina o‘zi aybdor ekanini tan olgan.
Ma’lumot uchun, Istomin turnirning amaldagi g‘olibi hisoblanadi. U mazkur musobaqa bosh sovrinini ikki bor qo‘lga kiritgan.
Turnir reglamentiga ko‘ra, finalda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Kravchuk 18 ming dollarni o‘ziniki qilib oldi. Istominga esa shuning yarmi nasib qildi. Dunyo tennis reytingida 102-o‘rinda borayotgan rossiyalik tennischi 125 reyting ochkosini ishlab olgan bo‘lsa, undan bir yosh kichik bo‘lgan Istomin 75 reyting ochkosiga loyiq ko‘rildi. 30 yoshli raketka ayni vaqtda dunyo tennischilari orasida 125-pog‘onadan joy olgan.
Juftlik bellashuvlaridagi g‘olibligi uchun Istominga 7 750 dollar va yana 125 reyting ochkosi berilgan.
Izoh (0)