O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining virtual qabulxonasi ish boshlagan qisqa fursat ichida aholining keng qatlamlaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. “Toshkent” telekanalida yangi tashkil etilgan “Murojaatdan so‘ng” ko‘rsatuvi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar hamda ularda aks etgan masalalarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlanadi.
Ko‘rsatuvning 13-oktabr kungi sonida aholidan kelib tushgan qator murojaatlar tahlil qilindi. “Toshkent” teleradiokanali “Daryo”ga ko‘rsatuvda ko‘tarilgan mavzular yuzasidan ma’lumot berdi.
Artur Pak: Biz o‘zimizga uy sotib olishga qaror qildik. Va bunda muammolarga duch keldik. Buning uchun ipoteka zarur edi. Ayrim banklarga murojaat qildik. Ammo, afsuski, bizga rad javobi berishdi. Lekin kutishga vaqtimiz yo‘q. Ikki-uch yildan keyin 30 ga kiramiz. Shundan so‘ng yosh oilalar uchun taqdim etiladigan imtiyozlardan foydalana olmaymiz. Nima qilish kerak? Biz Bosh vazirning virtual portaliga murojaat qilish qaroriga keldik. Natijada bizga yosh oilalar uchun ipoteka kreditini olishimiz uchun ruxsat berildi. Endi biz orzuimizdagi xonadonni sotib olish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz. Buning uchun biz, birinchi navbatda, Bosh vazirimizga minnatdormiz.
Abduvahob Jalilov: Bizlarning asosiy faoliyatimiz badiiy bezak ishlarini amalga oshirishdan iborat. Bir nechta obyektlarda ganch o‘ymakorligi, naqsh berish, miniatyura ishlarini bajargan bo‘lsak, shularning to‘lovlari buyurtmachilar tomonidan o‘z vaqtida amalga oshirilmadi. Har xil paysalga solishdi, va’dalar berishdi, quruq va’dadan nariga o‘tmadi. Ishchilarga o‘z vaqtida oylikni berish kerak, ish haqini ishlagani uchun berish kerak. Mana shu virtual portalga murojaat qilishimdan oldin bir nechta joylarga murojaat qilganman. Lekin natijasi bo‘lgani yo‘q. Shundan keyin majbur bo‘ldim O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining portaliga murojaat qilishga. Natijada Toshkent shahar prokuraturasi yordamida ikki kun ichida 400 million so‘m pulni bizlarga undirib berishdi. Muammo bo‘layotgan narsaning ikki kun ichida hal qilinishi katta narsa bo‘ldi. Buning uchun hukumatimizga usta rassomlar nomidan o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Leonid Dadashev: Menga 41 ming so‘m pensiya hisoblandi. Men bu pensiyaga yashay olmasdim. Sobiq ijtimoiy soha xodimi yomon ishladi. O‘zbekiston fuqarolari uchun aloqa liniyasi ishlab turishini bildim. 10-00 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Va pensiyam kichik bo‘lib qolgani haqidagi voqeani aytib berdim. Bu ishni hal qilishda yordam so‘radim. Meni eshitishdi va 10–15 kun ichida hal qilishda va’da berishdi. Ikki-uch kundan so‘ng meni Yakkasaroy tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limiga chaqirishdi. U yerda mening hujjatlarim bilan shug‘ullanuvchi komissiya tashkil etildi. Ayblarini tan olishdi. Yangi pensiya tayinlashdi va badal puli to‘lanishini xabar qilishdi. Buning uchun men Bosh vazirimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga minnatdorman.
Marg‘uba Azizova: Endi virtual portalga murojaat qilganim, pensiyam 96 ming so‘mga kamayib qoldi. Propiska o‘zgarganiga, pensiyamni ham o‘zgartirdim. Qarasam, 90 ming kam oldim. Keyin inspektorga murojaat qildim, “nimaga unday bo‘ldi?” desam, bu yerda har o‘tkazgandan keyin tekshiramiz, tekshirsak, 250 ming chiqdi. “Nima qilsam ekan, boshliqqa kiraymi?” desam, qizim “To‘xtang” dedi, “Virtual portal, bosh vazirlikka telefon qilsangiz bo‘lar ekan” dedi. To‘rt kunda hal bo‘ldi, chaqirishdi, kommissiya ko‘rdi, hammasini to‘g‘riladi, pensiyani ham mana endi uch oy bermaganini qaytarib beramiz, deb, 393 ming, yana maydasi ham bor, shunaqa deyishdi. Shu portalga telefon qilishdan oldin yarim soatcha o‘ylab o‘tirdim, shu kichkina muammoni nahotki shu portalga telefon qilib aytishim kerak? Lekin telefon qildim. Ishim shunaqa tez hal bo‘lganiga men Shavkat Miromonovichni duo qilaman.
Nodir Haydarov: Bundan ikki yil oldin sog‘lig‘im tufayli ishdan ketishga majbur bo‘lganman. Undan oldin davlat boshqaruv tizimida ishlab kelganman. Men shu portal orqali murojaatnoma yozib, olti kun ichida Mehnat vazirligiga yuborilgan. Mehnat vazirligidan mutasaddi xodimlar chaqirib, suhbat o‘tkazishdi, natijada Uchtepa tuman bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari etib tayinlandim. Hozir siz bilan gaplashib o‘tiribmiz, o‘zimga ishim yoqadi. Umuman olganda, xalqni davlat boshqaruv tizimini eshitishi yo‘lga qo‘yilishi, bu davlatimiz yutuqlaridan biri, deb hisoblaymiz. Turli byurokratik to‘siqlar borligi va u to‘siqlardan oddiy fuqarolarning o‘ta olmasligining oldi olindi. Aynan shu portal yaralishi! Chunki, bu tashabbus orqali bir kishimas, butun 30 milliondan oshiq aholimiz keng miqyosda foydalanadi. Shu portalni yaratgan Bosh vazirimizga o‘z minnatdorligimizni bildiraman.
Izoh (0)