Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi Note brendidan foydalanishdan voz kechadi. Uning katta ekranli flagman smartfonlari shu brend ostida chiqar edi. Bu haqda korporatsiya shtab-kvartirasi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
“Samsung Electronics rahbariyati Note nomidan foydalanishdan voz kechish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Chunki oxirgi hodisalar ushbu brendning nufuzini tom ma’noda yo‘q qildi”, — deya ma’lum qildi kompaniya xodimi.
Uning so‘zlariga qaraganda, yangi Galaxy Note 7 smartfoni bilan bog‘liq mojarodan so‘ng iste’molchilarning bu mahsulotga bo‘lgan ishonchi barbod bo‘ldi.
“So‘rov natijalariga ko‘ra, unda ishtirok etganlarning 50 foizdan ortig‘i, jumladan Janubiy Koreyada ham, qurilmaga nisbatan salbiy fikr bildirgan. Bunday vaziyatda ushbu brendni to‘liq bekor qilish mumkin”, — dedi u.
2-sentabr kuni Samsung Electronics Galaxy Note 7 smartfonining sotuvini to‘xtatish va yalpi chaqirib olish haqida e’lon qildi. Bu ulardagi o‘z-o‘zidan portlab ketishi mumkin bo‘lgan akkumulyator batareyalaridagi muammo bilan bog‘liq.
13-oktabr kuni Samsung Electronics kompaniyasi Janubiy Koreyada Galaxy Note 7 smartfonlari uchun tovon puli to‘lash va ularni boshqa modellarga almashtirib berishni boshladi.
Izoh (0)