Oxirgi 20 yil ichida sayyorada 7 mingdan ortiq tabiiy ofat kuzatilgan bo‘lib, ular 1,35 million kishini hayotdan olib ketdi. Bu haqda BMTning tabiiy ofatlar tahdidini kamaytirish byurosi (UNISDR) hamda Belgiya epidemiologik fojialarni tadqiq etish markazi (CRED) tomonidan chop etilgan qo‘shma hisobotda aytildi, deb xabar beradi “TASS”.
“1996–2015-yillar orasida 7056 tabiiy ofat ro‘yxatga olindi”, — deyiladi tadqiqotda.
Bular orasida zilzila, sunami, vulqon otilishi singari geofizik ofatlar soni oldingi yigirma yillikdagiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi, iqlim bilan bog‘liq ofatlar — toshqinlar, to‘fonlar, issiqlik to‘lqinlari esa ancha ko‘paydi.
Hisobot davrida halok bo‘lgan 1,35 million kishining yarmidan ko‘prog‘i zilzilalar qurboni bo‘ldi. Shu davr ichida kuzatilgan eng dahshatli ofat 2010-yili Gaitida kuzatilgan, 229699 kishini hayotdan olib ketgan zilzila bo‘ldi. Birinchi uchlikka, shuningdek, 2004-yili Indoneziyada kuzatilgan sunami (182136 qurbon) va 2008-yili Myanmaga yopirilgan “Nargis” tropik sikloni (139515 qurbon) kirdi.
Izoh (0)