McDonald’s restoranlari tarmog‘i o‘zining ramziga aylanib qolgan masxaraboz Ronald MakDonald ishtirok etadigan tadbirlar sonini qisqartiradi. TJournal’ning The New York Post nashriga asoslanib ma’lum qilishicha, bunga noma’lum shaxslar masxarabozlar libosida insonlarga hujum qilishi holatlari ko‘payib borayotgani sabab bo‘ldi.
McDonald’s rasmiy vakili Terri Xikki Ronald MakDonaldning tadbirlardan chetlashtirilishi vaqtinchalik ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Avgust oyidan buyon xorij davlatlarida masxarabozlar libosidagi shaxslar ishtirokidagi ko‘ngilsizliklar kuzatilmoqda. Masxarabozlar odamlarni qo‘rqitayotgani bilan bog‘liq voqealar dastavval AQShning qator shtatlarida, so‘ng Avstraliya va Buyuk Britaniyada kuzatildi. Bir muddat ilgari Liverpulda ushbu voqealarga aloqador hazil tufayli sakkizta maktab evakuatsiya qilingani ma’lum bo‘lgan edi.
Taxmin qilinishicha, masxarabozlar hamlasi Stiven Kingning “U” romani yangitdan sahnalashtirilishi bo‘yicha marketing kampaniyasidir. Syujetga ko‘ra, bolalar kattalarning yordamisiz masxaraboz qiyofasidagi Pennivayz ismli dahshatli mavjudotga qarshi kurashadi. Film 2017-yil 7-sentabrida katta ekranlarga chiqadi.
Ronald MakDonald 1963-yildan buyon McDonald’s ramzi hisoblanadi.
Izoh (0)