Google kompaniyasi dasturchilar uchun yangi tizimning (Developer Preview) beta-versiyasi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Android 7.1 ning yakuniy versiyasi dekabrda paydo bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Hi-Tech.Mail.ru”.
Android 7.1 operatsion tizimida hech qanday jiddiy o‘zgarish kutilmayapti, negaki bu oraliq yangilanishdir. Interfeysdagi asosiy yangilik — Pixel Launcher’da ayrim dasturlar ramzlari aylana shaklga keltiriladi.
Tizimda, shuningdek, uskuna xotirasini keraksiz fayllardan tozalaydigan Storage Manager Intent dasturi paydo bo‘ladi. Klaviatura ham o‘zgaradi — stikerlar va animatsion gif rasmlar paydo bo‘ladi. Android 7.1 dagi uskunalar Daydream virtual reallik platformasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Android 7.1 Developer Preview’ni oktabr oyining oxirrog‘ida ko‘chirib olish mumkin bo‘ladi. U Nexus 5X, 6P smartfonlariga, Pixel C planshetiga o‘rnatiladi.
Yakuniy versiya relizi 2016-yil dekabriga mo‘ljallangan.