O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda, “Axborot” teledasturiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Safarni Shavkat Mirziyoyev Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Bu yerda u tarixiy majmuani rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishib chiqdi.
Shundan so‘ng, ilgari xabar qilinganidek, Prezident vazifasini bajaruvchi “Termiz kargo sentr” bojxona terminalida bo‘ldi hamda Afg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Safar davomida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birini ham ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng Prezident vazifasini bajaruvchi Termizda qurilayotgan sport-sog‘lomlashtirish markazi va bolalar sog‘lomlashtirish lageri bilan tanishdi. Ular 21 gektar maydonni egallashi aytildi. Jami 50 obyekt qad ko‘tarishi rejalashtirilmoqda, bular orasida bolalar dam olish zonasi va sayr uchun ajratilgan joylar bor. Markaz 2017-yilning 1-iyun kuni butun mamlakat bolalari uchun ochiladi.
Termizning tumanlaridan birida yaqin istiqbolda qurilishi rejalashtirilayotgan kam ta’minlangan oilalarga mo‘ljallangan zamonaviy ko‘p qavatli uylar loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, 4–7 qavatli yangi uylar barcha infrastrukturaga ega bo‘ladi, bolalar bog‘chalari, maktablar, do‘konlar, servis punktlari, madaniy-ko‘ngilochar markazlar bilan ta’minlanadi. Foiz stavkalari past bo‘lgan imtiyozli kreditlar odamlarga qulay muddatlarga berilishi kutilmoqda. Shuningdek, qishloq hududlarida kam ta’minlangan oilalar uchun individual uy-joylarning namunali loyihalari ko‘rib chiqildi.
Termiz tumanida Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi yangi korxonada bo‘ldi. Ushbu korxonaga 25 million dollar investitsiya kiritilgan. Xitoy, Belgiya, Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan korxona meva va sabzavot mahsulotlarini saqlash, quritish, muzlatish va qadoqlash ishlarini amalga oshiradi.
2017-yilda Surxondaryoning 10 ming gektar sug‘oriluvchi yerlari paxta maydonlarining qisqartirilishi hisobidan fermerlarga meva va sabzavot ekish uchun taqdim etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)