Mingdan ortiq harbiy Pekindagi mudofaa vazirligi binosi oldida norozilik namoyishiga to‘plandi. Namoyish bir necha soat davom etdi, deb xabar beradi The Guardian.
Aytilishicha, ilgari armiya vakillari ellik martadan ko‘proq shu kabi chiqishlar qilgan. Ammo hozirgi namoyish qattiq himoya ostidagi Pekinda ko‘pdan buyon o‘tkazilgan birinchi aksiya bo‘ldi.
Voqea joyiga yuzlab politsiyachilar yetib keldi.
Aksiyaning sabablari, namoyishchilarning talablari haqida juda kam ma’lumot bor. Norozilik ishtirokchilarining ko‘pchiligi chet ellik jurnalistlar bilan muloqot qilishdan bosh tortdi. Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida ham bu borada tayinli ma’lumot yo‘q.
Mahalliy jurnalistlar XXR raisi Si Szinpin o‘tgan yili 300 mingdan ortiq harbiyni qisqartirishni va’da berganini yodga olib, namoyishlarni shu bilan bog‘lamoqda. Minsheng Guancha sayti bosh muharriri Li Feyyuning so‘zlariga qaraganda, uzoq yillar davomida faqat armiyada xizmat qilgan namoyishchilar hukumatdan ularga ish o‘rinlari yoki pensiya taqdim etishni talab qilmoqda.
Izoh (0)