9-oktabr, yakshanba kuni Toshkentda mushuklar xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani Caravan Cats felinologiya (mushukshunoslik) klubi tashkil qildi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan mushuklar egalari va ushbu momiq jonivorlar ishqibozlari qatnashdi. Mushuk zotlari bo‘yicha xalqaro ekspertlar — rossiyalik Olga Sinitsa va qozog‘istonlik Yevgeniy Mechkovskiy hakamlik vazifasini bajardi.
Abdulla Qodiriy bog‘ida joylashgan yopiq arenada bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmaga juda ko‘p kishi tashrif buyurdi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, zalda bir vaqtning o‘zida 1650 kishigacha to‘plangan. Bunday ko‘p sonli olomon, albatta, ba’zi muammolarni yuzaga keltirmay qolmadi: kassada uzundan-uzoq navbatlar paydo bo‘ldi, ko‘rgazmadagi har bir mushukchani suratga tushirish uchun 10—15 kishi yopirilib keldi.
Ko‘rgazmada bengal va shotland mushuklari, zotsiz uy mushuklari va sfinkslar yuqori baholandi. Tadbir yulduzi esa so‘zsiz, Din-Din laqabli Marokash servali bo‘ldi. Shuningdek, skottish-foldlar juda ko‘pchilikning sevimli mushuklariga aylandi, ayniqsa, bolalar bu momiq mushuklarni silab ko‘rish ilinjida bo‘ldi.
“Birinchi ko‘rgazma — ishimizdagi muhim bosqich, va biz umid qilamizki, undan keyin O‘zbekistonda zotdor mushuklarga qiziqish ortadi”, — dedi klub felinologi Ra’no Makarenko.