O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yin oldidan mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi va jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bunda uning yonidan terma jamoa vitse-sardori Server Jeparov joy oldi.
“Xitoyni yetarli darajada o‘rganib chiqdik. Tarkibida ajoyib futbolchilari bor. Xitoy chempionatida yulduzlar to‘p surmoqda, ichki birinchilik kuchaygan. Ertaga yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatib, zafar quchish uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik”, — deb ta’kidladi Samvel Babayan.
Jurnalistlarning Islom To‘xtaxo‘jayev, Sardor Rashidov va Igor Sergeyevning o‘rniga boshqa futbolchilarni ham jalb qilish mumkinmi, deb berilgan savoliga o‘zbekistonlik mutaxassis quyidagicha javob berdi:
“Uchala futbolchi ham o‘z ishining ustasi. Ular termada o‘ynashga haqli ekanini isbotlab bo‘lgan. Xato va kamchiliklar bo‘layotgani rost, biroq bu bilan ularning oldingi mehnatlarini unutish kerak emas. Yosh futbolchilar matbuotdagi tanqidlarni o‘qiydi va bu ularga yomon ta’sir qiladi”.
Fikrining yakunida Samvel Babayan O‘zbekiston terma jamoasining taktikasini tushuntirib o‘tdi: “10 futbolchi hujumda, 10 futbolchi himoyada”.
Ma’lumot uchun, 10 futbolchisi hujumda o‘ynaydigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi bellashuvda darvoza tomon birorta aniq zarba bera olmagandi.