Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Instagram’dagi sahifasiga bolalar o‘yini suratga olingan videoni joylab, hazil tariqasida uni aralash janglar san’ati (MMA)ga o‘xshatdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Men tasodifan xunuk bir holatning guvohiga aylandim. Shayx-Magomed va Shayx-Ahmad ikkalasi Adamga (Qodirovning kichik o‘g‘li – “Daryo” izohi) tashlandi. Ular Adamni yerga qulatib, boshi, yuzi va jag‘iga zarbalar berdi. Hayratim va g‘azabimning cheki yo‘q edi”, – deya yozdi Qodirov.
“Bolalar, rostini aytganda go‘daklar haqiqiy jangda ishtirok etdi. Ular va Adamda himoya shlemlari ham yo‘q edi. Ular himoyasiz, ota-ona roziligisiz, tibbiy ma’lumotnoma va shunga o‘xshash narsalarsiz urush yo‘lakchasiga chiqdi. Nima uchun ularning bosh murabbiyi Abdul-Karim Edilov hech qanday chora qo‘llamayapti? Ularning jangga olib chiqqan hakam va referilar qayerga qaradi?”, – deya hazil qildi Checheniston rahbari.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, uning xayoliga birinchi navbatda sud muassasalariga, xatto bolalar huquqini himoya qiluvchi Yevropa sudiga murojaat qilish fikri keldi. “O‘ylab ko‘rdim, o‘zimga kelib olganimdan so‘ng bolalar meniki va ular o‘zaro jang qilayotganini tushundim. Bu ularning, Adamning aytishicha, bolalar huquqini himoya qilishga tegishli bo‘lgan tanlovi”, – deya yozdi Qodirov.
4-oktabr kuni Grozniy shahrida MMA bo‘yicha Grand Prix Akhmat 2016 turniri bo‘lib o‘tdi. Unda yosh bolalar ishtirokida ko‘rgazmali janglar o‘tkazildi. Qodirovning uchala o‘g‘li ham turnirda ishtirok etib, barchasi g‘alaba qozongan edi.
Rossiya MMA ittifoqi prezidenti va sobiq jangchi Fyodor Yemelyanenko yosh bolalar ishtirokidagi janglarni keskin qoraladi.
Shundan so‘ng “Axmat” jang klubi rahbari Abuzayd Vismuradov Yemelyanenkoning bolalar jangini tanqid qilishga haqqi yo‘q ekanini aytdi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Yemelyanenkoning tanqidiga o‘z munosabatini bildirgan edi.