15-noyabr kuni O‘zbekistonga qarshi bo‘lib o‘tadigan JCh—2018 saralash o‘yini oldidan Janubiy Koreya terma jamoasi Kanadaga qarshi maydonga tushishni rejalashtirdi.
“Championat.asia”ning Janubiy Koreya Futbol Assotsiatsiyasi vakiliga asoslanib xabar berishicha, vaqt tig‘iz paytda raqib topish oson emas. Bu paytda termalar JCh—2018 uchun kurash olib borayotgan bo‘ladi. Kanada yevropacha o‘yin uslubida o‘ynaydi va bu raqib O‘zbekiston bilan o‘yin oldidan munosibdir.
Kanadaga qarshi o‘yin 11-noyabr kuni Seuldan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan Jeonan stadionida o‘tadi. Oradan to‘rt kuni o‘tib esa o‘zbekistonliklar Jeju shahrida Janubiy Koreyaga qarshi saf tortadi.
O‘z navbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan sparing raqib sifatida Iordaniyani tanlab olgan. Koreyaga jo‘nab ketish oldidan Iordaniya termasi poytaxt Toshkentga tashrif buyuradi.
Samvel Babayan boshchilik qiladigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yozgi yig‘in doirasida Kanadaga qarshi Avstriyada o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, unda raqibiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi.