2017-yilda Rossiya zaxira jamg‘armasi mablag‘lari tugaydi va shundan so‘ng Milliy farovonlik jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu haqda, moliya vaziri o‘rinbosari Aleksey Lavrovga asoslanib, TJournal xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga qaraganda, 2016-yilda zaxira jamg‘armasidan 2,1 trillion rubl, 2017-yilda esa 1,1 trillion rubl sarflanadi.
“Suveren jamg‘armalar mablag‘lari, agar bunga juda konservativ yondashilsa va kamomad cheklansa, hozircha uch yilga yetadi”, — ma’lum qildi u.
Rossiya moliya vazirligi zaxiralar bitishi haqida ilk bor 2016-yil 9-sentabrida ogohlantirgan edi. O‘shanda zaxiradan budjet kamomadini qoplash uchun 400 milliard rubl sarflangan edi. Bundan keyin fond pullari yanada faolroq ishlatilishi aytilmoqda.
2016-yil 14-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin zaxira jamg‘armasi pullari yana to‘rt yilga yetishini aytgan edi.