Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti (FJShMQMI) 4-dekabrda o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilayotgan saylovoldi kampaniyasi monitoringini boshladi. Bu haqda “Daryo”ga institut matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, monitoring chog‘ida saylov okrug va uchastkalari, saylov komissiyalarining tashkil etilishiga, prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun saylovchilarning imzolarini to‘plash, nomzodlarni ilgari surish, saylovoldi tashviqotini tashkil etish jarayonlariga alohida e’tibor qaratiladi. Yakuniy bosqichda esa FJShMQMI mutaxassislari saylovning o‘zini va uning yakunlarini monitoring qiladi.
Monitoringning dastlabki natijalari va yakunlari keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Hisobotlarda saylov qonunchiligi ijrosi va unga rioya etilishi tahlil qilinadi, shuningdek, mamlakat saylov qonunchiligini rivojlantirish va uni amalda qo‘llashni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar keltiriladi. Yakunlar keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi saylov madaniyatining oshishiga xizmat qiladi.
FJShMQMI monitoringi saylov jarayonining shaffofligi va ochiqligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi, deb ma’lum qilindi institut matbuot xizmatida.
Izoh (0)