Ispaniya La Ligasining 7-turida chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lgan ikki klub — “Real” hamda “Barselona” ochko yo‘qotdi. Madridliklar o‘z maydonida “Eybar”ni yenga olmagan bo‘lsa, “Barselona” Vigoda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Ketma-ket to‘rt uchrashuvdan buyon raqiblarini mag‘lub eta olmayotgan “Real” klubi ustozi Zinedin Zidan vaziyatni quyidagicha izohladi: “Dortmunddagi durangni bu ro‘yxatga qo‘shishlarini istamasdim. ‘Real’ inqiroz holatida emas. Bizda oktabr, shunchaki yakdil qarorga kelishimiz kerak. Ko‘proq ishlashga, uchrashuvlar startidanoq hujumkorlik namoyish qilishga majburmiz. Vaziyatni o‘nglash uchun men ko‘rayotgan yagona yo‘l shu”, — deb Zidanning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Chempionat”.
Kataloniyaning “Barselona” klubi bosh murabbiyi Luis Enrike esa “Selta”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin barcha aybni o‘z bo‘yniga oldi: “O‘yinning ikki taymi ikki xil kechdi. Birinchisida barcha yakkakurashlarda yengilib, o‘zimiz uchun erkin zonaga yarata olmadik. Ikkinchi bo‘limda hammasini boshidan boshlab, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatdik. Lekin birinchi bo‘limdan keyin hisob 0:3 bo‘lib, hammasi tugab bo‘lgandi”.
“Mag‘lubiyatga men aybdorman. ‘Selta’ juda yaxshi o‘ynadi. Biz esa bunga tayyor emasdik”, — deb aytib o‘tdi Luis Enrike.