O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab okrug hududida saylov uchastkalari tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O‘zA.
Okrug saylov komissiyasi raisi F. Toshev saylov kampaniyasi tadbirlari Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi hamda okrug saylov komissiyasi ish rejasiga asosan tegishli qonunlarda belgilangan muddatlarda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 10 va 11-moddalariga muvofiq tuman, shahar hokimliklari hamda harbiy qismlar komandirlarining saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida okrug saylov komissiyasiga topshirgan taqdimnomalari ko‘rib chiqildi. Shunga muvofiq, okrug hududida 1030 saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalarining tartib raqami, chegarasi hamda manzili ko‘rsatilgan ro‘yxati tasdiqlandi.
Okrug saylov komissiyasining bu haqdagi qarori qabul qilindi va u mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.
Majlisda okrug saylov komissiyasiga viloyatdagi ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, mustaqil jurnalistlar va ijodiy uyushmalardan akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi va Prezident sayloviga tayyorgarlikning borishi va saylov jarayoni xolisona yoritib borilishini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shu kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, o‘tkazilgan yig‘ilish haqida ma’lumot berildi.
Izoh (0)