Britaniyaning Deloitte auditorlik kompaniyasi mutaxassislari smartfonlar foydalanuvchilarning uyqusiga qay darajada ta’sir qilishini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot natijalarini 3DNews keltirdi.
Tadqiqotda 4 ming britaniyalik ishtirok etdi. Tadqiqotchilarga ma’lum bo‘lishicha, ularning uchdan ikki qismi tunda apparatni tekshirmaydi. Ammo Britaniyadagi smartfon egalarining uchdan biri bu ishni qiladi. Shu holatlarning 33 foizida foydalanuvchilar messenjer va ijtimoiy tarmoqlardagi yangi xabarlarni tekshiradi, foydalanuvchilarning oltidan biri bu xabarlarga javob yozadi.
Agar bu ko‘rsatkichlar yoshlar kesimida olinsa, 18–24 yoshdagi foydalanuvchilarning teng yarmi smartfonlarini tunda tekshiradi. Ularning beshdan bir qismi yangi xabarlarni tekshirib ko‘radi.
Telefonini tunda tekshirmaydigan foydalanuvchilarning o‘ndan bir qismi ertalab uyg‘onishi bilan smartfonni tekshiradi, uchdan biri uyqudan turganidan keyingi ilk besh daqiqani smartfonsiz o‘tkazadi, nihoyat, 50 foizi gadjetsiz 45 daqiqa vaqtini o‘tkazadi.
Tadqiqot natijalaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar smartfon egalariga uyqu sifatini yaxshilash maqsadida bir qancha tavsiyalar berdi. Birinchidan, smartfonni qo‘l yetmaydigan joyga qo‘yib uxlash lozim. Ikkinchidan, apparatni o‘chirib qo‘yish kerak. Uchinchidan, uyg‘ongandan keyingi 30 daqiqa davomida smartfondan foydalanmaslik, to‘rtinchidan, smartfondan foydalanilmaydigan vaqtni belgilab olish, nihoyat, ko‘p vaqtni oladigan dasturlarni o‘chirib tashlash lozim.
Izoh (0)