Futbol bo‘yicha Qatar milliy terma jamoasini yangi qabul qilib olgan urugvaylik mutaxassis Xorxe Fossati o‘zining ilk o‘yinida Serbiyani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
JCh—2018 3-saralash bosqichidan joy olgan Janubiy Koreya va Suriya termalariga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan qatarliklar Serbiyani Dohada qabul qildi va 3:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvdagi har uchala gol kelib chiqishi urugvaylik bo‘lgan futbolchi Sebastyan Soriya Kuintana tomonidan kiritildi.
JCh—2018 saralashining UEFAdagi ilk turida Irlandiya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan Serbiya safida asosiy futbolchilar Dohaga yetib kela olmadi. Jumladan, Predrag Raykovich, Branislav Ivanovich, Matiya Nastasich, Dushan Tadich, Aleksandr Mitrovich kabi mashhur futbolchilar bellashuvda ishtirok etmadi.
O‘yindan bir kun avval jurnalistlar bilan matbuot anjumanida uchrashgan Xorxe Fossati vaziyat og‘ir ekaniga qaramay, Qatar Jahon Chempionatiga borishiga ishonishini aytib o‘tgandi.
Izoh (0)