O‘zbekistonda Korea Festival 2016 nomi ostida birlashtirilgan bir qator madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Bu borada “Turkiston-press” agentligi bilan suhbatda Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon U ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, festival bir qancha tadbirlarni o‘z ichiga oladi. U Koreyaning tashkil topishi sanasiga mo‘ljallab 12-oktabr kuni beriladigan qabul bilan boshlanadi. 13-oktabr kuni dizayner Li Yon Xining “Xanbok” an’anaviy liboslar namoyishi, 14–15-oktabr kunlari yoshlar o‘rtasida taekvondo bo‘yicha Koreya Respublikasi elchisining kubogi uchun bahslar o‘tkaziladi.
Shuningdek, 15-oktabr kuni Sookmyung Gayageum va B-boy guruhlari ishtirokida koreys fyujn-musiqasi konserti o‘tkaziladi. 17–20-oktabr kunlari Toshkentda koreys kinofestivali, 18–21-oktabr kunlari Buxoroda kinofestival va madaniy tadbirlar, 21–22-oktabr kunlari mashhur koreys rassomi Li Chun Sobning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.