Angliya futbol uyushmasi (FA) The Telegraph nashri surishtiruvidan so‘ng ochilgan korrupsiya ishi bo‘yicha politsiya bilan maslahatlashadi. Bu haqda, The Guardian gazetasiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Avvalroq The Telegraph nashri tomonidan uyushtirilgan hamda Angliya futbolida korrupsiya va poraxo‘rlik dalillarini topishga qaratilgan 10 oylik maxsus surishtiruvda Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Sem Ellardays korrupsiyaga aloqadorligi fosh etilgan edi. Natijada, 27-sentabr kuni mutaxassis va FA o‘rtasidagi shartnoma tomonlarning roziligi bilan bekor qilindi.
“FA The Telegraph gazetasi bilan hamkorlik qilmoqda. Assotsiatsiya bunday ayblovlarga jiddiy e’tibor beradi va tegishli organlar bilan surishtiruv ishlarini olib boradi. Biz gazetaning barcha materiallari taqdim etilishini so‘radik, ular yaqin orada yetkaziladi. FA ushbu ishni kechiktirmasdan tergov qilishni istaydi. Shu sababli, dushanba kuni biz London politsiyasi bilan uchrashamiz”, — deyiladi FA xabarida.
The Telegraph gazetasi, Sem Ellardaysdan tashqari, “Kuinz Park Reynjers” bosh murabbiyi Jimmi Floyd Xasselbaynk, “Lids” klubining italiyalik xo‘jayini Massimo Chellino, “Barnsli” jamoasining iste’foga chiqarilgan bosh murabbiy yordamchisi Tommi Rayt va “Sautgempton” bosh murabbiyi yordamchisi Erik Bleykni ham korrupsiyada aybladi.