Rossiyaning Medin shahrida 19–26-sentabr kunlari universal jang (unifayt) bo‘yicha 14–15 hamda 16–17 yoshli o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik kurashchilar 16 ta medalga sazovor bo‘ldi va umumjamoa hisobida Rossiyadan keyin 2-o‘rinni egalladi.
Musobaqada 24 davlatdan 238 sportchi qatnashdi. O‘zbekiston termasi sharafini 9 nafar ishtirokchi himoya qildi. O‘zbekistonlik kurashchilar universal jangning “klassik” va “layt” yo‘nalishida 1 ta oltin, 12 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Universal jang kuch ishlatiladigan sportning ikkikurash turi sanaladi. Ikkikurashning birinchi turi – maxsus to‘siq chizig‘ini bosib o‘tish. Ikkinchi turi – ringda (klassik) yoki tatamida (layt) jang qilish.
Klassik turda erkin kurash, dzyudo, sambo va kurashning boshqa turidagi usullar qo‘llanadi. Layt turi jangning qattiqqo‘l qoidalari bilan ajralib turadi. Unda harbiylar ishlatadigan qo‘l jangi usullaridan foydalaniladi.
Kurashchilar maxsus shlem va yupqa qo‘lpoqlarda, oyoqlar uchun himoya vositasida, tana qismi himoyalanmagan holda jang qiladi.