Ayni kunlarda joriy yil 4-dekabr kuni mamlakatda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Oldinda turgan mazkur muhim siyosiy voqea xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ilmiy-akademik doiralari o‘rtasida ham keng muhokama qilinmoqda, deb yozadi “Jahon” axborot agentligi.
A.Stanislavek, Polsha Senatining Milliy iqtisodiyot va innovatsiyalar bo‘yicha komissiyasi raisi:
— Mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda uning birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida iqtisodiyot sohasida bo‘lgani singari jamiyatni chuqur demokratlashtirish borasida ham ulkan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Respublika fuqarolarining huquqiy ongi darajasi, siyosiy va huquqiy madaniyatining o‘sishi bu islohotlarga juda muhim asos bo‘ldi. Chuqur demokratik o‘zgarishlar saylov tizimini rivojlantirish sohasida ham olib borildi.
Amalda ham, huquqshunoslik nuqtai nazaridan ham O‘zbekiston saylov huquqi takomillashmoqda va u umumjahon tamoyillari doirasida turibdi. Bir tomondan, u xalqaro tajribaga tayanayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, milliy tarixiy tajriba ham hisobga olingan. Biz ushbu to‘g‘ri yo‘lni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.
Yuzef Zayans, senator, Xelm shahridagi Davlat oliy professional maktabining rektori (Polsha):
— O‘zbekiston juda muhim voqea - mamlakat Prezidenti saylovlari arafasida turibdi. Erkin demokratik saylovlar O‘zbekiston ijtimoiy hayotining muhim konstitutsiyaviy me’yoriga, xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan ichki siyosiy tartib kafolati hamda davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlardagi barqarorlikning omiliga aylanib qolgan.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish mahalliy organlarining rivojlanishi, fuqarolik jamiyati tizimlarining oyoqqa turgani, ko‘ppartiyaviylikning shakllangani O‘zbekistonda erkin saylovlar institutining rivojlanishidagi chuqur sifat o‘zgarishlarini belgilab berdi.
Yeji Shukalski, Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy kommunikatsiyalar oliy maktabining professori (Polsha):
— Polshada ham, O‘zbekistonda ham Prezident saylovlariga tayyorgarlik va ularning o‘tkazilishida ochiqlik hamda oshkoralikning ta’minlanishi masalalari Konstitutsiya va saylov qonunchiligi me’yorlari bilan tartibga solinadi.
Markaziy saylov komissiyasi maqomi yuzasidan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi me’yorlarni hamda siyosiy partiyalarning prezident saylovlarida qatnashishi uchun imzolar sonini qisqartirish, saylovoldi targ‘ibotini olib borishning turlari, shakl va usullari, qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarining tashkil etilishi imkoniyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish muddatlari, tartibi va protseduralariga doir Prezident saylovlari to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni bizning mamlakatimizda qo‘llab-quvvatlashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilishini, vakolatlari kengayishi, uning moliyaviy mustaqilligi hamda saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida saylovchilar xabardorligi ta’minlanishini saylov huquqi masalalari bo‘yicha ekspert sifatida men yuqori baholayman.
Markaziy saylov komissiyasining yuqori konstitutsiyaviy maqomi prezident saylovlari tashkil etilishi va o‘tkazilishi jarayonidagi qonuniylikni ta’minlash imkonini beradi. Bu saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda qilishi ta’minlanishidagi eng muhim shart hisoblanadi.
Xaila al-Mekaimi, Kuvayt Axborot vazirligining huquqiy masalalar bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari:
— Men 2001-yili O‘zbekistonga birinchi marotaba borgan chog‘imda mustaqil rivojlanish yillari davomida respublika hayotining barcha sohalarida ro‘y berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlardan chuqur ta’sirlangan edim. O‘shandan buyon do‘st O‘zbekiston zamonaviy taraqqiyotini katta e’tibor va qiziqish bilan kuzatib kelaman. Ekspert sifatida shuni qayd etishni istar edimki, mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlaboq demokratik o‘zgarishlar izchillik bilan hayotga tadbiq etilmoqda. Huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda kuchli siyosiy tizim yaratilgan.
Bugun respublikada xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan samarali saylov tizimi hamda siyosiy partiyalarning keng ijtimoiy-siyosiy faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydigan salmoqli qonunchilik zamini mavjud. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladi. Ular fuqarolar siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishning, aholi xohish-irodasi va fikrlarini ifoda etishning o‘ta muhim vositasi bo‘lib qoldi.
Shubha yo‘qki, joriy yil 4-dekabrda bo‘lajak prezident saylovlari ham yuqori darajada tashkil etilgani holda xalqaro me’yorlarga muvofiq ravishda o‘tadi.
Muhammad al-Fili, Kuvayt universiteti professori, davlat va konstitutsiya huquqi bo‘yicha mutaxassis:
— 2005-yili mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan ikki palatali parlamentning tuzilgani O‘zbekistonning demokratik taraqqiyotidagi muhim muvaffaqiyatlardan biri hisoblanadi. U o‘zining samarador ekanligini isbotladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda parlamentarizm institutlari rivojlanishining darajasi eng yuqori demokratik andozalarga mos keladi.
Shuni alohida qayd etishni istardimki, O‘zbekistonning milliy saylov tizimi umum e’tirof etilgan me’yorlar va andozalarga muvofiq ravishda takomillashmoqda. Mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, 2016-yil 4-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakatda Asosiy qonun asosida allaqachon faol saylovoldi kampaniyasi boshlab yuborilgan. Siyosiy partiyalar mamlakat rahbari lavozimiga o‘z nomzodlarini ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, bu jarayon shaffoflik asosida ro‘y bermoqda, saylovchilar o‘rtasida bo‘lajak muhim siyosiy tadbir yuzasidan faol axborot-targ’ibot ishlari olib borilmoqda.
Ramachandran Rajendran, RHA Sdn. Bhd. noshirlik uyining asoschisi va bosh ijrochi direktori (Malayziya):
— O‘zbekistonda demokratik talablarga to‘la javob beradigan zamonaviy saylov tizimi yaratilgan, mamlakat fuqarolarining o‘z hohish-irodalarini erkin ifoda etishlarini ta’minlaydigan hamda xalqaro saylov me’yorlari va tamoyillariga muvofiq keladigan samarali saylov qonunchiligining asosi shakllangan.
Hozirgi muhim va mas’uliyatli pallada mamlakat hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda o‘zbek xalqining birdamligi bo‘lajak Prezident saylovlari saylovchilarning yuqori faolligida, uyushqoqlik bilan va muvaffaqiyatli o‘tadi, deb xulosa chiqarishga imkon beradi.
Devid Emir Bereng, Butunjahon islom iqtisodiy forumi jamg‘armasining ijrochi direktori:
— O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yuragida geosiyosiy jihatdan muhim joylashuvi nafaqat respublikada, balki butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni belgilaydigan omillardan biri hisoblanadi.
Mamlakat iqtisodiyotining chuqur diversifikatsiyalashgani, sanoat yangi tarmoqlarining rivojlangani, yirik infratuzilma loyihalarining hayotga tadbiq etilayotgani hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarining foydalanishga topshirilayotgani O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan tizimli va chuqur o‘ylangan siyosatning natijasi hisoblanadi.
O‘ylaymanki, oldinda turgan O‘zbekiston Prezidenti saylovlari mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida navbatdagi muhim bosqich hisoblanadi. Saylovlar yuqori tashkilotchilik darajasida o‘tishiga ishonchim komil.
Izoh (0)