O‘zbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi — “Lex.uz”ga normativ-huquqiy hujjatlarni chop etishning rasmiy manbai maqomi berildi, deb yozadi UzDaily.
O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 23-sentabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ushbu qonunni 2016-yil 22-avgust kuni qabul qilgan, Oliy Majlis Senati esa 2016-yil 25-avgustda ma’qullagan edi.
Qonun “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga tuzatish kiritdi.
Qonunlarga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Konstitutsiya va O‘zbekiston qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezidentning buyruq, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqarmalarining normativ-huquqiy hujjatlari, davlat hokimiyatining joylardagi organlari qarorlarini chop etuvchi rasmiy manbalar qatoriga O‘zbekiston Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi ham kiritildi.
Izoh (0)