25-sentabr kuni Uber kompaniyasining mahsulotlar bo‘yicha direktori Jeff Xolden San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan Nantucket Conference konferensiyasida rivojlanishning yangi yo‘nalishi haqida gapirib berdi. Uning so‘zlariga qaraganda, Uber anchadan beri vertikal uchish va qo‘nish texnologiyalarini o‘rganmoqda. Ularning yordamida shahar sharoitlariga moslashgan — uchish-qo‘nish tasmasisiz ishlaydigan samolyotlar yaratish mumkin, deb xabar beradi TJournal.
Xoldenning so‘zlariga qaraganda, Uber vertikal uchuvchi va qo‘nuvchi samolyotlar yo‘nalishiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Uning ta’kidlashicha, servisni rivojlantirishdagi navbatdagi qadam uch o‘lchamli muhitga ko‘chish bo‘ladi.
Agar kompaniya o‘ylagan texnologiyalar ish bersa, shaharning osmono‘par binolari tomida mitti aeroportlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa, kompaniya rahbariyatining fikricha, yo‘ldagi tirbandliklar hajmini keskin qisqartiradi.
Shu bilan birgalikda, Xolden texnologiya juda tez sur’atlarda rivojlangan taqdirda ham faqat o‘n yildan so‘ng keng tarqalishi mumkinligini tan oldi.
Hozircha bunday samolyotlar konsepsiyasini ishlab chiqish bilan asosan harbiylar shug‘ullanmoqda. Jumladan, AQShning DARPA mudofaa agentligi vakillari VTOL X-Plane, Airbus kompaniyasi esa A3 loyihalari doirasida o‘z prototiplarini taqdim qilib ulgurdi.
Izoh (0)