Moskvadagi “VDNX” ko‘rgazma majmuasida 47-federal “Tekstilengilsanoat–2016” tekstil sanoati tovarlari va asbob-uskunalari ulgurji yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etdi, deb ma’lum qiladi “Jahon”.
Yarmarkada 28 mamlakatdan jami 2000 kompaniya ishtirok etdi. O‘zbekiston 500 kvadrat metr maydonga ega yagona milliy stend barpo etdi. Unda 50 milliy kompaniya 100 nomdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Rasmiy ochilish marosimida mustaqillik yillarida O‘zbekiston yengil sanoati nafaqat tashqi bozorga ishonch bilan chiqqani, balki unda mustahkam o‘rin egallab, eksport salohiyatini oshirib borayotgani ta’kidlandi.
Zamonaviy texnologiyalar joriy qilinishi tufayli O‘zbekiston eksporti 120 barobarga o‘sdi — 1991-yilda bu ko‘rsatkich 7 million dollarga teng bo‘lgan bo‘lsa, endilikda u 1 milliard dollarni tashkil etadi. Made in Uzbekistan brendi ostidagi tovarlar sifati va dizayniga ko‘ra jahon bozorida yetakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashishga qodir.
Tadbir doirasida Russian Fashion Award premiyasi uchun X tanlov bo‘lib o‘tdi, unda “O‘zbekengilsanoat” AJ qoshidagi “Sharq liboslari” dizayn markazi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar o‘zbekistonlik dizaynerlar yaratilgan liboslar kolleksiyasini namoyish etdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra TM ZUKHRA kompaniyasi “ayollar libosida pret-a-porte qatori” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi, TM Ozoda Showroom esa muxlislar simpatiyasi mukofotini qo‘lga kiritdi. Qolgan korxonalar maxsus diplomlar va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)