O‘zbekistonda pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni jalb etish bo‘yicha noqonuniy faoliyat uchun jinoiy javobgarlik joriy etildi. Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan 23-sentabr kuni imzolandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: "RBK"

Foto: "RBK"

Jinoiy kodeksning yangi — 188-1-moddasi mulkiy manfaat berish bo‘yicha zimmaga majburiyat olish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish va bunda ilgari olingan majburiyatni jismoniy va yuridik shaxslarning yangi jalb etilgan pul mablag‘lari va (yoki) boshqa mol-mulki hisobidan bajarish, shuningdek, bunday faoliyatga rahbarlik qilish va shunday faoliyat ko‘rsatilishini ta’minlash, bunday faoliyatga jalb etish maqsadida OAV va internet orqali reklama qilishga qaratilgan noqonuniy faoliyatga taalluqlidir.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan harakatlar eng kam ish haqining 100 dan 300 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yo 3 yildan 5 yilgacha muddatgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Bunday harakatlar katta miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, oldindan til biriktirgan holda, OAV yoki telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek, internetdan foydalangan holda amalga oshirilsa, eng kam ish haqining 300 dan 500 barobarigacha jarima solinishiga yo 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga olib kelishi mumkin.

Juda yirik miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist, shuningdek, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan shunday harakatlar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.