Braziliya prezidenti Mishel Temer amerikalik investorlarni mamlakatda favqulodda siyosiy barqarorlik hukm surayotganiga ishontirdi. Tegishli bayonotni Braziliya rahbari Nyu-Yorkda o‘tgan ishbilarmon davralar uchrashuvida berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
“Braziliyada biz hozir favqulodda siyosiy barqarorlik davrini boshdan kechirmoqdamiz. Bu ijro va qonunchilik hokimiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tufayli mumkin bo‘ldi, bu esa yuridik xavfsizlik garovidir”, — dedi u.
“Siz Braziliya bilan kelishadigan hamma narsaga rioya etiladi”, — ishontirdi Temer.
Mamlakatda oxirgi oylarda hukm surgan beqarorlik, sobiq prezident Dilma Russeff impichmenti bilan bog‘liq janjal investorlarning ushbu mamlakat iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini bir qadar kuchsizlantirgan edi. Amaldagi prezident vaziyatni o‘nglashga urinmoqda.