Qo‘ng‘irot soda zavodining ikkinchi navbati ishga tushirildi, deb xabar beradi O‘zA. Endi korxona yiliga 200 ming tonna eksportbop mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ldi, deyiladi xabarnomada.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2010-yil 15 dekabrdagi “2011–2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan loyihaga 104,4 million dollarlik investitsiya jalb etildi.
Iqtisodiy salohiyati yanada yuksalgan korxonada rangli metallurgiya, shisha, qog‘oz va sellyuloza, yuvish vositalari hamda yengil sanoatda keng qo‘llaniladigan kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshdi.
Xalqaro talablarga to‘la javob beradigan korxona mahsulotlari ichki bozordan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarga eksport qilinmoqda.
Ishchi-xizmatchilarning samarali mehnat qilishi, ishdan keyin maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, farzandlarining o‘qishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxonaning 1 ming 400 kishilik mehnat jamoasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Izoh (0)