O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan mamlakat qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov federatsiya prezidenti etib saylandi. Bu haqda O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, yig‘ilishida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbarlari, murabbiylar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar federatsiyasi rahbarlari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Murod Aliyev ma’lumot berib, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan 2013–2016-yillar davomida Rio–2016 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, murabbiylar Kengashi faoliyat yuritmaganligi, yosh iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga yetarli darajada e’tibor berilmaganligi, ayniqsa, federatsiya rahbariyati maqsadli vazifalar qo‘ymaganligi sababli mana shunday qoniqarsiz natijalarga erishilganligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘zbekistonlik qilichbozlar faqatgina uchta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. 1996-yili Atlantada Rafkat Ro‘ziyev rapira yo‘nalishida, 2000-yil Sidneyda Anisa Petrova va 2012-yili Londonda Ruslan Kudayevl shpaga yo‘nalishlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgandi. 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlariga esa sportning ushbu turidan birorta ham litsenziya qo‘lga kiritilmadi.
O‘z navbatida Adham Ikromov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining sobiq rahbari Sobir Ro‘ziyevning boy tajribaga ega ekanini hisobga olib, uning nomzodini maslahatchi, Nodira Alimova nomzodini esa bosh kotib lavozimiga taklif etdi. Bu boradagi qaror bir ovozdan qabul qilinib, har ikkala mutaxassis yangi lavozimda faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)