Amerikalik aktyor Jim Kerri sobiq dugonasi Katriona Uaytning o‘limiga aloqador emasligi haqida rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bu haqda, People nashriga asoslanib, “Vesti.ru” xabar bermoqda.
19-sentabr kuni marhum Uaytning turmush o‘rtog‘i Kerrini sudga berib, u olib kelgan dorilar rafiqasining o‘limiga sabab bo‘lganini iddao qildi. Bundan tashqari, u Kerri Uayt xonimni turli yo‘llar bilan ta’qib qilganini aytdi.
Bunga javoban e’lon qilingan bayonotida aktyor o‘z ismidan bunday maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Kerri odamlar fojiadan manfaat qidirishni bas qilishlari va Uaytning ruhini tinch qo‘yishlariga umid bildirdi.
Kerri 2015-yilda Katriona Uayt bilan aloqalarini uzgan edi. Oradan bir hafta o‘tib, qiz dori vositalari yordamida o‘z joniga qasd qildi.