Markaziy saylov komissiyasi yana bir qator xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarni taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Islom hamkorligi tashkilotiga va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasman taklifnomalar yubordi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: UzReport

Foto: UzReport

Ilgariroq xabar qilinganidek, MSK YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasiga va Shanxay hamkorlik tashkilotiga shunday taklifnomalar yuborgan edi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq saylov komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni ochiq va oshkora amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishi va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib boradi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadir. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Ularning faoliyati Markaziy saylov komissiyasining 2016 yil 15 sentyabrdagi 734-son qarori bilan tasdiqlangan hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek saylov tashkil qilish va o‘tkazish sohasidagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.

Ta’kidlash lozimki, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi butun saylov jarayonining oshkoraligi va ochiqligi tamoyillari mustahkamlanishiga, umumiylik, tenglik, erkinlik va yashirin ovoz berish kabi demokratik saylovlarning tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qiladi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing