16-sentabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. M. Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining (DRK) navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi hamda xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Majlis yakuniga ko‘ra MDHning 25 yilligi munosabati bilan xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish to‘g‘risida va BMT Bosh assambleyasining butun jahon narkotik muammosi bo‘yicha Maxsus sessiyasi yakunlari bo‘yicha bayonotlar qabul qilindi, shuningdek, MDHning zamonaviy voqe’likka moslashishi to‘g‘risidagi qaror, Terrorizm va ekstremizmning boshqa zo‘ravonlik ko‘rinishlariga qarshi kurashishda MDH ishtirokchi davlatlarining 2017–2019-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda kun tartibiga kiritilgan boshqa hujjatlar imzolandi.
MDHning navbatdagi Sammiti 2017-yili Hamdo‘stlik raisligini qabul qiladigan Rossiyada bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)