Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasining chorak finaliga qadar yetib borgan Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi 522 600 AQSh dollari ishlab oldi.
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi guruh bosqichining safar o‘yinlari uchun har bir klubga 34 200 dollar pul beradi. Har bir jamoa guruh bosqichi doirasida 3 ta safar uchrashuvida ishtirok etishi inobatga olinsa, bu pul umumiy 102 000 dollarni tashkil qiladi.
O‘zbekistonning Chempionlar Ligasida ishtirok etgan qolgan uch klubidan farqli o‘laroq, “Lokomotiv” nimchorak va chorak finalda ham 1 tadan safar uchrashuvida ishtirok etib, ularning har biri uchun 30 ming dollardan oldi. Shu tariqa OFK klubning safar chiqimlari uchun umumiy hisobda 162 600 dollar ajratib berdi.
“Lokomotiv” guruh bosqichida 2 ta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, qolgan 4 ta bellashuvni durang bilan yakunladi. OFK Chempionlar Ligasi guruh bosqichidagi g‘alaba uchun 40 ming dollar va’da qilgan bo‘lib, duranglar uchun shuning yarmini beradi. Bu borada “temiryo‘lchilar”ning mehnati 160 ming dollarga ravo ko‘rildi.
Toshkent grandi nimchorak finaldagi ishtiroki uchun 80 ming, chorak finalda o‘ynagani uchun 120 ming bilan taqdirlandi. Bularning hammasi 522 600 AQSh dollarini tashkil qildi.
Izoh (0)